Sayt test rejimida ishlamoqda

Tahririyat kengashi: Davlat farmakopeyasi 2-nashri 2-jildiga kiritiladigan farmakopeya maqolalari muhokama qilindi

2026-yil 29-oktabr kuni Davlat farmakopeyasi bosh muharriri, professor X.K. Djalilov raisligida oʻtgan Tahririyat kengashining 10-sonli yigʻilishida 2-nashr 2-jildiga kiritish rejalashtirilgan 165 ta xususiy farmakopeya maqolasi muhokama qilindi; 33 tasi ilk bor kiritilmoqda.

2026-yil 29-oktabr kuni «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi Tahririyat kengashining navbatdagi 10-sonli yigʻilishi gibrid shaklda boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi bosh muharriri, Tahririyat kengashi raisi, farmatsevtika fanlari doktori, professor X.K. Djalilov raislik qildi. Unda Tahririyat kengashi aʼzolari va Ixtisoslashgan ekspert komissiyalari vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda Davlat farmakopeyasi 2-nashri 2-jildini shakllantirish boʻyicha ishlar koʻrib chiqildi. X.K. Djalilovning maʼruzasida 2-jildga kiritish rejalashtirilgan jami 165 ta xususiy farmakopeya maqolasi muhokama qilindi. Ulardan 33 tasi Davlat farmakopeyasiga ilk bor kiritilmoqda. Qolgan 132 tasi avvalgi nashrda mavjud boʻlgan, Davlat farmakopeyasi Kotibiyati tomonidan qayta koʻrib chiqilib, qisman oʻzgartirish va toʻldirishlar kiritilgan maqolalardir. Maqolalarning mazmuni, Yevropa va AQSH farmakopeyalari talablariga muvofiqligi hamda milliy amaliyotga moslashtirilganligi atroflicha muhokama qilindi.

Davlat farmakopeyasi Tahririyat kengashining 10-sonli yigʻilishi

Tahririyat kengashi ilmiy kotibi, Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi bosh mutaxassisi A.X. Mansurov Ixtisoslashgan ekspert komissiyalariga taqdim etilgan farmakopeya maqolalarining monitoringi natijalarini yoritdi. Ayni vaqtda ekspert komissiyalarida 70 ta maqola koʻrib chiqilmoqda: ularning 58 tasi ishlab chiqish, 12 tasi ilmiy tahrir bosqichida turganligi qayd etildi. Maʼruzada har bir komissiya kesimida ishning joriy holati va ekspertiza jarayonini tezlashtirish yuzasidan takliflar bayon qilindi.

Maʼruzalar yuzasidan yigʻilish ishtirokchilari oʻrtasida atroflicha fikr almashildi va kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Yigʻilishda koʻrib chiqilgan masalalar Davlat farmakopeyasini xalqaro talablar asosida izchil rivojlantirishga va dori vositalari sifatini baholovchi milliy standartlarni yangilashga xizmat qiladi. Shuningdek, ular aholini sifatli, xavfsiz va samarali dori vositalari bilan taʼminlashga qaratilgan.

‹ Yangiliklarga