Ilmiy kengash: ilmiy kadrlar salohiyati, tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlari va laboratoriyalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish kun tartibida

2026-yil 28-oktabr kuni professor X.K. Djalilov raisligida oʻtgan Ilmiy kengashning 3-sonli majlisida PhD va DSc izlanuvchilari uchun 93 ta mavzuli ilmiy mavzular banki, tadqiqotlarning beshta ustuvor yoʻnalishi va laboratoriyalarni JSST prekvalifikatsiyasiga tayyorlash muhokama qilindi.
2026-yil 28-oktabr kuni «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi Ilmiy kengashining navbatdagi 3-sonli majlisi gibrid shaklda boʻlib oʻtdi. Majlisga Ilmiy kengash raisi, Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi boshligʻi, farmatsevtika fanlari doktori, professor X.K. Djalilov raislik qildi. Unda Kengashning barcha 19 nafar aʼzosi ishtirok etdi.
Majlis Ilmiy kengashning joriy yilga moʻljallangan ish rejasi ijrosi doirasida oʻtkazildi. Kun tartibida Markazning ilmiy faoliyatini tizimli rivojlantirish, yosh ilmiy kadrlarni tayyorlash va laboratoriya bazasini xalqaro talablar darajasiga koʻtarishga qaratilgan toʻrtta masala muhokama qilindi.
Ilmiy nashrlar va kadrlar salohiyatini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, farmatsevtika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim A.A. Ashurov PhD (falsafa doktori) va DSc (fan doktori) izlanuvchilari uchun shakllantirilgan ilmiy mavzular bankini taqdim etdi. Bankdagi mavzular 4 ta ixtisoslik shifri boʻyicha 93 ta mavzuni oʻz ichiga oladi. Mavzular Markazning tartibga solish sohasidagi regulyator ehtiyojlaridan kelib chiqib tanlangan va farmatsevtika sohasining asosiy ixtisosliklarini qamrab oladi. Maʼruzachi Markaz nomidan chop etiladigan ilmiy ishlar va oʻquv adabiyotlarini ekspert baholashning yagona tizimini ham taqdim etdi. Bu tizim 6 bosqichli ekspertiza, 7 ta mezon, 100 ballik baholash shkalasi va antiplagiat tekshiruviga asoslanadi.

A.A. Ashurov dori vositalari va tibbiy buyumlar sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha ham maʼruza qildi. Ular farmakonazorat va klinik farmakologiya, sifat va farmakopeya, dori texnologiyasi va biofarmatsiya, tibbiy buyumlar hamda regulyator fanni qamrab oladi. Shuningdek, Markazning 2026–2030-yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot rejasi, 8 ta tadqiqot mavzusi loyihasi va ilmiy faoliyat samaradorligini baholovchi 16 ta indikator taqdim etildi.
Ilmiy nashrlar va kadrlar salohiyatini rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi Z.F. Umarova hamda Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari A.O. Zaynidinov yosh olimlar va mutaxassislar uchun oʻtkazilayotgan «Mahorat darslari» va vebinarlar natijalarini yoritdi. 2026-yilning 10 oyida 64 ta oʻquv tadbiri oʻtkazildi, bu oʻtgan yildagidan 2,1 baravar koʻp. 116 nafar xodimning malaka oshirish boʻyicha 194 ta holati yagona hisobga olindi. PhD darajasiga ega xodimlar soni 4 nafardan 8 nafarga, ilmiy darajali xodimlar soni esa 22 nafardan 25 nafarga yetdi. Xalqaro ekspertlar ishtirokidagi vebinarlarni koʻpaytirish hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Yevropa dori vositalari sifati boʻyicha direktorat (EDQM) va AQSH farmakopeyasi (USP) tadbirlarida ishtirokni kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Sinov markazi rahbari, farmatsevtika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Z.D. Boboyev Markaz laboratoriyalarini JSST prekvalifikatsiyasiga tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yoritdi. Tuzatish va oldini olish choralari rejasi asosida mustaqil sifatni taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Uskunalarni kvalifikatsiyadan oʻtkazish, kompyuterlashtirilgan tizimlarni validatsiyalash va hujjatlashtirishni ALCOA+ tamoyillariga muvofiqlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Prekvalifikatsiya jarayonini 2027-yil yakuniga qadar tugatish rejalashtirilgan.
Maʼruzalar yuzasidan Ilmiy kengash aʼzolari oʻrtasida atroflicha fikr almashildi. Maʼruzalar maʼlumot uchun qabul qilinib, kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha ijro uchun tegishli qarorlar qabul qilindi.
Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar Markazning ilmiy salohiyatini mustahkamlash, yosh olimlarni ilmiy darajalarga yoʻnaltirish va sinov laboratoriyalarining xalqaro miqyosda tan olinishiga erishishga xizmat qiladi. Bu esa aholini sifatli, xavfsiz va samarali dori vositalari bilan taʼminlash tizimini yanada mustahkamlaydi.
Shu tariqa ilmiy mavzular banki orqali ilmiy izlanishlarni boshlash istagidagi mutaxassislar va izlanuvchilar uchun keng imkoniyat yaratildi. Mavzularni tanlash, ilmiy rahbarlik va ilmiy ishlarni ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha savol va murojaatlar boʻyicha Ilmiy nashrlar va kadrlar salohiyatini rivojlantirish boʻlimiga murojaat qilish mumkin.
📞 +998 71 203-01-01 (ichki raqamlar: 2361, 2362)
✉️ farmkomitet@ssv.uz
📍 100002, Toshkent sh., Ozod koʻchasi, K. Umarov tor koʻchasi, 16-uy
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi Axborot xizmati