Eʼlon qilingan: 29.12.2025 · Nashr

Davlat farmakopeyasi ikkinchi nashrining birinchi jildi tayyorlandi: 450 ga yaqin umumiy maqola xalqaro standartlarga uygʻunlashtirildi

Yevropa va AQSH farmakopeyalari bilan uygʻunlashtirilgan, 450 ga yaqin umumiy maqoladan iborat birinchi jild tayyorlanib, tasdiqlash uchun Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining ikkinchi nashri birinchi jildi tayyorlandi. Jild jami 450 ga yaqin umumiy farmakopeya maqolasini oʻz ichiga oladi va dunyoning yetakchi farmakopeyalari — Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Xalqaro farmakopeyasi (Ph. Int.), Yevropa farmakopeyasi (Ph. Eur.) hamda Amerika Qoʻshma Shtatlari farmakopeyasi (USP) bilan uygʻunlashtirilgan holda ishlab chiqildi. Hujjatni tasdiqlash uchun buyruq loyihasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etildi.

Jild ustidagi ish ikki xalqaro hujjatga tayandi: “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi bilan Yevropa farmakopeyasi oʻrtasida tuzilgan — Davlat farmakopeyasini yaratishda Yevropa farmakopeyasi matnlarini nusxalash va uygʻunlashtirish huquqini beruvchi — kelishuvga, shuningdek AQSH Farmakopeya Konvensiyasi (USP) bilan imzolangan Qoʻshma Shtatlar Farmakopeyasi – Milliy formulyarni qabul qilish huquqlari toʻgʻrisidagi shartnoma va Anglashuv memorandumiga.

Maqolalar Yevropa farmakopeyasining 9–12-nashrlari oraligʻidagi oʻzgartishlar, qoʻshimchalar, chiqarib tashlangan hamda amalda boʻlgan maqolalarning solishtirma tahlili asosida tanlab olindi. Tahlil EDQMning Pharmeuropa platformasidagi maʻlumotlar va Yevropa Farmakopeya Komissiyasi majlislari qarorlariga asoslandi. Birinchi jild ishlab chiqilganidan keyingi besh yil ichida Yevropa farmakopeyasiga 131 ta yangi monografiya kiritilgani, 875 tasiga oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilgani, 37 tasi esa amaldan chiqarilgani, ulardan 6 tasi bevosita Davlat farmakopeyasiga taʻalluqli ekani aniqlandi.

Yangi nashr birinchi jildiga jamlangan asosiy yangilanishlar quyidagilardan iborat:

  • Yevropa farmakopeyasining 17 ta va AQSH farmakopeyasining 30 ta yangi maqolasi;
  • Farmakopeya diskussiya guruhi (PDG) doirasida Yevropa va AQSH farmakopeyalari oʻzaro uygʻunlashtirgan 17 ta maqola hamda ularga muqobil sifatida USP taqdim etgan 14 ta maqola;
  • 200 dan ortiq toʻldirish va oʻzgartish, shuningdek jildga kiritilgan 4 mingga yaqin reagentni uygʻunlashtirish, oʻzgartirish va toʻldirish.

Jildni tayyorlash jarayonida Davlat farmakopeyasi Tahririyat Hayʻati, Tahririyat Kengashi va Kotibiyati, shuningdek 11 yoʻnalish boʻyicha ixtisoslashgan ekspert komissiyalari va ularning ishchi guruhlari 50 dan ortiq yigʻilish oʻtkazdi. Ularda 200 ga yaqin masala muhokama qilinib, 450 ga yaqin maqola loyihasi koʻrib chiqildi va ekspertlar maʻqullaganidan soʻng Davlat farmakopeyasiga kiritishga tavsiya etildi; jami 40 ta yigʻilish bayonnomasi rasmiylashtirildi.

‹ Yangiliklarga