Hayvon sinovlarini kamaytirish: bosqichma-bosqich, uch yillik yondashuv taklif etildi
Yevropa farmakopeyasidan 2026-yil 1-yanvardan chiqarilayotgan 7 ta umumiy maqola boʻyicha Davlat farmakopeyasida mahalliy sharoitni inobatga olib, 3 yil davomida bosqichma-bosqich voz kechish taklif etildi.
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasining Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi hayvonlarda oʻtkaziladigan sinovlarni kamaytirish, eskirgan sinov usullaridan voz kechish va ularni muqobil usullar bilan almashtirish yoʻnalishidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda. Bu yondashuv jahon farmatsevtika hamjamiyatida eʼtirof etilgan «Uchta R» konsepsiyasi bilan uygʻun boʻlib, dori vositalari sifatini nazorat qilishda tirik hayvonlardan foydalanishni bosqichma-bosqich qisqartirishga qaratilgan.
Yevropa farmakopeyasi (Ph. Eur.) tarkibidan 2026-yil 1-yanvardan boshlab jami 7 ta umumiy farmakopeya maqolasi chiqarib tashlanmoqda. Boʻlim ushbu maqolalar va ularda keltirilgan sinov usullari yuzasidan atroflicha muhokamalar oʻtkazdi.
Muhokamalar natijasida Davlat farmakopeyasida ushbu sinov usullaridan mahalliy sharoitlarni inobatga olgan holda, bir vaqtning oʻzida emas, balki bosqichma-bosqich — uch yil davomida voz kechish taklif etildi. Bunday yondashuv laboratoriyalar va ishlab chiqaruvchilarga muqobil usullarga izchil oʻtish imkonini beradi hamda sifat nazorati tizimining uzluksizligini taʼminlaydi.
«Uchta R» konsepsiyasi
- Replacement (almashtirish) — hayvonlarda oʻtkaziladigan sinovlarni muqobil, hayvonsiz usullar bilan almashtirish;
- Reduction (kamaytirish) — zarur ilmiy natijaga erishish uchun foydalaniladigan hayvonlar sonini kamaytirish;
- Refinement (takomillashtirish) — sinov jarayonlarini mukammallashtirish orqali hayvonlarga yetkaziladigan taʼsirni imkon qadar kamaytirish.
Mazkur tashabbus Davlat farmakopeyasini xalqaro yetakchi farmakopeyalar bilan uygʻunlashtirish, sinov usullarini zamonaviylashtirish va ularni etik meʼyorlarga muvofiqlashtirish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.