Eʼlon qilingan: 08.09.2025 · Eʼlon

Prezident farmonlari ijrosida ikki nizom loyihasi kelishuvga taqdim etildi

Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi PF-137 va PF-161 farmonlari ijrosida ikkita nizom loyihasini tayyorlab, vazirlik va idoralar bilan kelishuvga taqdim etdi.

«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasining Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ikki farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan ikkita nizom loyihasini ishlab chiqib, ularni tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun taqdim etdi.

Birinchi hujjat Prezidentning 2025-yil 19-avgustdagi «Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-137-son farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tayyorlandi. «Dori vositalarini standartlashtirishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasida keltirilmagan holatlarda dunyoning yetakchi farmakopeyalari sinov usullarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida»gi nizom loyihasi milliy farmakopeyada koʻzda tutilmagan hollarda tahlil va sinovlarni xalqaro yetakchi farmakopeyalar usullari asosida oʻtkazish tartibini belgilaydi.

Ikkinchi hujjat — Prezidentning 2025-yil 8-sentyabrdagi «Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-161-son farmoni ijrosida ishlab chiqilgan «Umumiy farmakopeya maqolalarini, farmakopeya maqolalarini ishlab chiqish va ularni Davlat farmakopeyasiga kiritish toʻgʻrisida»gi nizom loyihasidir. Unda umumiy farmakopeya maqolalari va farmakopeya maqolalarini ishlab chiqish hamda Davlat farmakopeyasiga kiritish tartibi tartibga solinadi.

Hozirda har ikki loyiha tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishuv bosqichida. Ular Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va dori vositalarini milliy standartlashtirish faoliyatining huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi.

‹ Yangiliklarga