«USP Konvensiyasi–2025» xalqaro anjumanida Markaz delegatsiyasi ishtirok etdi
2025-yil may oyida AQSHning Merilend shtatidagi Rokvill shahrida boʻlib oʻtgan «USP Konvensiyasi–2025» anjumanida 50 ga yaqin mamlakat va 450 dan ziyod tashkilot vakillari qatnashdi.
2025-yil may oyida «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi aʼzolaridan iborat delegatsiya AQSHning Merilend shtati, Rokvill shahrida oʻtkazilgan «USP Konvensiyasi–2025» xalqaro anjumanida ishtirok etdi. Anjuman jahon farmatsevtika hamjamiyatining nufuzli minbarlaridan biri boʻlib, unda dori vositalari sifati bilan bogʻliq global masalalar keng koʻlamda muhokama qilindi.
Tadbir yuqori vakillik darajasi bilan ajralib turdi: unda 50 ga yaqin mamlakatdan 450 dan ziyod tashkilot vakillari yigʻildi. Bu keng qamrov dori vositalarining sifati va xavfsizligini taʼminlash masalalari bugungi kunda barcha davlatlar uchun umumiy va dolzarb ekanini yaqqol koʻrsatdi.
Anjuman doirasida dori vositalarining sifati, xavfsizligi, samaradorligi va ommabopligi bilan bogʻliq global muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etishning hamkorlikdagi yechimlarini ishlab chiqish boʻyicha fikr almashildi. Ishtirokchilar oldinda turgan vazifalar yuzasidan oʻzaro kelishuvlarga erishdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining nufuzli xalqaro anjumandagi ishtiroki milliy farmakopeya organining jahon yetakchi farmakopeyalari va tartibga soluvchi tashkilotlar bilan hamkorligini yanada kengaytirishga, Davlat farmakopeyasini xalqaro standartlarga uygʻunlashtirish jarayonini mustahkamlashga xizmat qiladi.
