Yevropa Farmakopeya Komissiyasi: Oʻzbekiston ekspertlari 17- va 12-guruhlar aʼzoligiga tasdiqlandi
Yevropa Farmakopeya Komissiyasining 182-sessiyasi qaroriga koʻra Boʻlim bosh mutaxassislari 17- va 12-ekspert guruhlariga aʼzo etildi; sentyabrda Strasburgdagi 17-guruh yigʻilishida ishtirok etildi.
Dori vositalari sifati va sogʻliqni saqlash boʻyicha Yevropa direktorati (EDQM) 2025-yil 16–19-iyun kunlari oʻtkazgan Yevropa Farmakopeya Komissiyasining 182-sessiyasi qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimining ikki bosh mutaxassisi Komissiyaning ixtisoslashgan ekspert guruhlari aʼzoligiga tasdiqlandi. Bu qaror Oʻzbekiston farmakopeya organining yetakchi xalqaro farmakopeya tuzilmalari faoliyatiga bevosita jalb etilayotganini koʻrsatadi.
Qarorga muvofiq, Boʻlim bosh mutaxassisi Azamat Mansurov «Kimyoviy jihatdan aniqlangan faol moddalar saqlovchi dori vositalari» yoʻnalishidagi 17-ekspert guruhiga (Group 17), Boʻlim bosh mutaxassisi A.O. Zaynidinov esa «Dori shakllari va farmatsevtik texnik jarayonlar» yoʻnalishidagi 12-ekspert guruhiga (Group 12) aʼzo etib qabul qilindi.
Aʼzolikning amaliy natijasi sifatida 2025-yil 22–23-sentyabr kunlari Azamat Mansurov Fransiyaning Strasburg shahrida Yevropa Farmakopeya Komissiyasining 17-ekspert guruhi yigʻilishida ishtirok etdi. Yigʻilishga Fransiya, Germaniya, Shvetsiya va Ispaniya kabi davlatlardan jami 28 nafar ekspert jalb etilib, Yevropa Farmakopeyasiga kiritilishi, qayta koʻrib chiqilishi yoki undan chiqarilishi rejalashtirilgan 20 dan ortiq farmakopeya monografiyasi muhokama qilindi hamda ularga tegishli ekspert xulosalari berildi.
Oʻzbekiston nomidan chiqish qilgan Azamat Mansurov «Current status and future prospects for the development of the State Pharmacopoeia of the Republic of Uzbekistan» mavzusidagi taqdimotni oʻtkazdi. Unda Davlat farmakopeyasining tuzilishi hamda Yevropa Farmakopeyasi bilan hamkorlik istiqbollari yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Yigʻilish doirasida EDQM va Yevropa Farmakopeyasining yetakchi vakillari bilan boʻlib oʻtgan muloqotda Davlat farmakopeyasini ishlab chiqishda Yevropa Farmakopeyasi bilan uygʻunlashtirish boʻyicha kelgusidagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.