Davlat farmakopeyasi atamalarining «Izohli lugʻati» va «Munozarali soʻzlar jadvali» shakllantirildi
Davlat farmakopeyasida qoʻllanadigan 200 dan ortiq atama izohlar bilan taʼminlanib, elektron lugʻat bazasiga kiritildi; takliflar 2-nashrga taqdim etildi.
Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasida qoʻllanadigan 200 dan ortiq atamaning «Izohli lugʻati» va «Munozarali soʻzlar jadvali»ni shakllantirdi. Yagona terminologiya bazasini yaratishga qaratilgan ushbu ish farmakopeya matnlarining aniqligi va izchilligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Toʻplangan atamalar va ularning izohlari elektron lugʻat bazasiga kiritildi. Bu farmakopeya maqolalarini ilmiy tarjima va tahrir qilishda, shuningdek mutaxassislarning kundalik amaliyotida yagona hamda izchil atamashunoslikdan foydalanish imkonini beradi.
«Munozarali soʻzlar jadvali» talqini yoki tarjimasi bahsli boʻlgan atamalarni bir tizimga soladi va ular yuzasidan kelishilgan yechimlarni qayd etadi. Shu tariqa farmakopeya hujjatlarida terminologik nomuvofiqliklarning oldi olinadi.
Amalga oshirilgan ish yakunida tayyorlangan takliflar Davlat farmakopeyasining ikkinchi nashriga kiritish uchun taqdim etildi.