Oʻzbekiston Braziliyada Jahon farmakopeyalarining 16-xalqaro yigʻilishida ishtirok etdi

15–17-iyun kunlari Braziliadagi 16-IMWP yigʻilishida Oʻzbekiston milliy farmakopeya va uygʻunlashtirish ishlarini taqdim etdi; Britaniya farmakopeyasi kuzatuvchilikka taklif qildi.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi mutaxassislarining 2026-yil 13–19-iyun kunlari Braziliya Federativ Respublikasining Brazilia shahrida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) hamkorligida Braziliya farmakopeyasi (Farmacopeia Brasileira) va ANVISA tomonidan tashkil etilgan Jahon farmakopeyalarining 16-xalqaro yigʻilishi (16-IMWP), uning manfaatdor tomonlar yigʻilishi hamda Braziliya farmakopeyasining 100-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtiroki.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi va uning farmakopeya organi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Xalqaro farmakopeyasi aʼzosi boʻlib, JSSTning “Jahon farmakopeyalari va farmakopeya organlari indeksi” (The Index of World Pharmacopoeias and Pharmacopoeial Authorities by World Health Organization)ga kiritilgan. Braziliya farmakopeyasi rahbari Thaís Corrêa Rocha xonim tomonidan Oʻzbekiston delegatsiyasiga 2026-yil 15–17-iyun kunlari Braziliya Federativ Respublikasining Brazilia (Brasília) shahrida JSST Xalqaro farmakopeyasi va Braziliya sogʻliqni saqlashni nazorat qilish agentligi (ANVISA) hamkorligida oʻtkazilgan Jahon farmakopeyalarining 16-xalqaro yigʻilishi (16th International Meeting of World Pharmacopoeias, 16 th IMWP) hamda Braziliya farmakopeyasining 100-yilligini nishonlashga bagʻishlangan tadbirlarda ishtirok etish yuzasidan rasmiy taklifnomasiga, “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi (keyinchalik matnda – Markaz) ning 2026-yil
9-iyundagi “Xizmat safariga yuborish toʻgʻrisida”gi 556-sonli buyrugʻi asosida, Markazning quyidagi tarkibdagi delegatsiyasi Braziliya Federativ Respublikasining Brazilia shahrida xizmat safarida boʻldilar:
1. X.K.Djalilov – Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi boshligʻi, bosh muharrir, farmatsevtika fanlari doktori, professor;
2. A.O.Zaynidinov – Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari.
Delegatsiya tashrifi davomida quyidagilar amalga oshirildi:
2026-yil 15–17-iyun kunlari Brazilia shahrida Braziliya farmakopeyasi va ANVISA tomonidan JSST hamkorligida tashkil etilgan Jahon farmakopeyalarining 16-xalqaro yigʻilishida, uning manfaatdor tomonlar yigʻilishida hamda Braziliya farmakopeyasining 100-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etildi. Yigʻilish gibrid shaklda (onlayn va offlayn) uch ish sessiyasida oʻtkazilib, unda Braziliya, Britaniya, Yevropa, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Meksika, Rossiya, Xitoy, Vetnam, AQSH hamda Oʻzbekiston farmakopeyalari vakillari, shuningdek JSST kotibiyati, ICH, EDQM, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar mutaxassislari qatnashdi.
- Birinchi kun (2026-yil 15-iyun) – ochilish marosimi va farmakopeya yangilashlari
Ochilish marosimi. Yigʻilishni Braziliya farmakopeyasi rahbari, raislik qiluvchi Thaís Rocha xonim ochib berdilar. U barcha ishtirokchilar va kengash aʼzolarini qarshi olib, ANVISA rahbariyatini tanishtirdi hamda hozir boʻlgan JSST kotibiyati va direktorlarga minnatdorchilik bildirib, birinchi soʻzni ANVISA (Braziliya Sogʻliqni saqlash nazorati agentligi)ning direktori d-r Daniel Meirelles Fernandes Pereira ga berdi.
D-r Daniel Meirelles soʻzga chiqib, Braziliya farmakopeyasining 100-yillik yubileyi bilan tabrikladi hamda uning Braziliyada tibbiy mahsulotlar sifatini taʼminlash va tartibga solish tizimidagi muhim oʻrnini taʼkidladi. Shuningdek, farmakopeyalar meʼyoriy hujjatlar, ilmiy tadqiqotlar, laboratoriyalar va farmatsevtika sanoatini qoʻllab-quvvatlashdagi strategik ahamiyatini qayd etdi.
Soʻng ANVISA direktor-prezidenti D-r Leandro Pinheiro Safatti yigʻilish ishtirokchilarini qutlab, Jahon farmakopeyalari yigʻilishi JSST koʻmagida har yili oʻtkazilishi hamda xalqaro hamkorlik va tajriba almashish uchun muhim maydon ekanligini taʼkidladi. U 16-IMWP Braziliya farmakopeyasining 100-yilligi munosabati bilan Braziliyada oʻtkazilayotganini qayd etdi. Shuningdek, kun tartibidagi asosiy masalalar sifatida endotoksinlarni aniqlashning muqobil usullarini joriy etish va ICH yoʻriqnomalari asosida umumiy farmakopeya usullarini xalqaro darajada uygʻunlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
⬇ PNG yuklab olishJahon farmakopeyalarining 16-xalqaro yigʻilishidan fotolavha
JSST kirish soʻzi. JSST nomidan Dori vositalari boʻyicha normalar va standartlar guruhi rahbari hamda Xalqaro farmakopeya raisi janob Luther Gwaza yigʻilishning maqsad va vazifalarini bayon etib, JSST Bosh direktori D-r Tedros Adhanom Ghebreyesus ning tabrigini yetkazdi. U COVID-19 pandemiyasi va boshqa global sogʻliqni saqlash tahdidlari xalqaro hamkorlikning naqadar muhim ekanini koʻrsatganini, sifatli dori vositalaridan foydalanishni taʼminlashda farmakopeyalar oʻrtasidagi hamkorlik muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Shuningdek, u dunyoda nisbatan kam mamlakat oʻz farmakopeyasiga ega ekanini, bunday davlatlarda sifatsiz va qalbaki dori vositalari xavfi yuqoriligini qayd etdi. Shu bois IMWP platformasi farmakopeyalar oʻrtasida tajriba almashish, umumiy muammolarni birgalikda hal etish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidlab, yigʻilish kun tartibidagi asosiy yoʻnalishlarni qisqacha tanishtirdi.
- Ikkinchi kun (2026-yil 16-iyun) – yopiq sessiya: hujjatlar va tashabbuslar
Yopiq sessiyada dastlab IMWP Intilishlar hujjati (Aspirations document) loyihasi muhokama qilindi. Hujjatning asosiy maqsadi IMWP ning vazifalari, faoliyat yoʻnalishlari va manfaatdor tomonlar uchun ahamiyatini aniq belgilashdan iborat ekani qayd etildi. Muhokamalar davomida hujjat nomi va mazmuni koʻrib chiqilib, uni yakunlash boʻyicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, atrof-muhit barqarorligiga bagʻishlangan “Oq kitob” loyihasi muhokama qilinib, bioxilma-xillikni asrash masalasi hujjatning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida saqlab qolindi. Hujjatni muntazam yangilab borish, asosiy matn va amaliy misollarni alohida hujjatlar koʻrinishida tayyorlash hamda yakuniy nusxani IMWP aʼzolari bilan kelishilgach JSST veb-saytida eʼlon qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Farmakopeyaviy muhokama guruhi (PDG) boʻyicha yangilash. JSST kotibiyati nomidan JSST texnik mutaxassisi janob Steve Estêvão Cordeiro PDG boʻyicha tavsiyalarni koʻrib chiqdi. Dastlab taklif etilgan, ICH Q4B ilovalari uchun texnik qoʻllab-quvvatlash jarayoniga oid chora ICHʼning oʻz vazifasi ekani (IMWP uchun emas) aniqlangach, u tegishli tarzda tuzatildi. Natijada 15-IMWP ning uchta PDG bilan bogʻliq tavsiyasi qayta tasdiqlandi: PDG IMWP ishtirokchilari bilan ish dasturini baham koʻrishda davom etadi (shu jumladan Q4B ilovalari boʻyicha), 2-bosqich loyihalari va 4-bosqich uygʻunlashtirilgan matnlarni elektron pochta orqali tarqatadi.

⬇ PNG yuklab olishJahon farmakopeyalarining 16-xalqaro yigʻilishidan fotolavha
- Uchinchi kun (2026-yil 17-iyun) – manfaatdor tomonlar yigʻilishi va Braziliya farmakopeyasining 100-yilligi
Uchinchi kun Braziliya farmakopeyasining 100-yilligiga bagʻishlangan manfaatdor tomonlar yigʻilishi va tantanali marosimga bagʻishlandi. Ochilishda ANVISA vakillari Braziliya farmakopeyasining mamlakat sogʻliqni saqlash tizimidagi tarixiy oʻrni va xalqaro hamkorlikdagi ahamiyatini taʼkidlab, tadbirni tashkil etishda ishtirok etgan ekspertlar hamda xorijiy delegatsiyalarga minnatdorchilik bildirdilar.
Marosim davomida Braziliya farmakopeyasining 100-yillik rivojlanish yoʻlini aks ettiruvchi yubiley videoroligi namoyish etildi hamda uning asoschisi doktor Rodolfo Albino Dias da Silva xotirasi yod etildi.
Shuningdek, Braziliya farmakopeyasining 8-nashri, Gomeopatik farmakopeyaning 4-nashri, Fitoterapevtik formulyarning 3-nashri va Milliy formulyarning 3-nashri rasman taqdim etildi. Taʼkidlanishicha, Braziliya farmakopeyasining 8-nashriga 19 ta yangi monografiya kiritilib, 122 ta monografiya qayta koʻrib chiqilgan hamda 200 dan ortiq mavzu yangilangan.
Amalga oshirilgan tashrif natijasida quyidagi asosiy natijalarga erishildi:
- Oʻzbekiston Respublikasi Jahon farmakopeyalarining 16-xalqaro yigʻilishida rasman ishtirok etib, milliy Davlat farmakopeyasini rivojlantirish, xalqaro uygʻunlashtirish ishlari, 2-nashrni tayyorlash hamda PDG aʼzoligiga tayyorgarlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro ekspertlarga taqdim etildi.
- JSST, Braziliya, Yevropa, Britaniya, Hindiston, Yaponiya, Koreya va boshqa yetakchi farmakopeya hamda regulyator tashkilotlari vakillari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi. Jumladan, Britaniya farmakopeyasi vakillari Oʻzbekiston delegatsiyasini komissiya yigʻilishlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif qildi, Meksika farmakopeyasi esa oʻz farmakopeyasidan bepul foydalanish imkoniyatini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
- Braziliya farmakopeyasi tomonidan amaldagi toʻrtta rasmiy nashr Oʻzbekiston delegatsiyasiga elektron shaklda bepul foydalanish uchun taqdim etildi.
- IMWP Intilishlar hujjati, PDG faoliyati va ICH Q4B ilovalari orqali farmakopeya uygʻunlashtirish mexanizmlari oʻrganilib, ular Oʻzbekistonning PDG aʼzoligiga tayyorgarlik ishlari uchun muhim amaliy tajriba sifatida baholandi.
- Endotoksin va pirogen sinovlarida hayvonlar ishtirokidagi usullarni zamonaviy muqobil metodlar bilan almashtirish boʻyicha yetakchi farmakopeyalarning yondashuvlari va ilgʻor tajribalari oʻrganildi.