Sayt test rejimida ishlamoqda

Davlat farmakopeyasini rivojlantirish — davlat tilining ilmiy salohiyatini namoyon etishdir

Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi «Tashkent Pharma Park» kutubxonasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazdi: davlat tilining huquqiy asoslari va farmakopeya terminologiyasi muhokama qilindi.

2026 yil 21 oktyabr kuni Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi tomonidan «Tashkent Pharma Park» kutubxonasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi davlat tilining huquqiy maqomini mustahkamlash, uning ilmiy-texnik imkoniyatlarini kengaytirish, farmatsevtika sohasida davlat tilida ish yuritish talablariga rioya etish hamda farmakopeya hujjatlarida yagona terminologik yondashuvni taʼminlash masalalarini yoritishdan iborat boʻldi.

Boʻlim boshligʻining oʻrinbosari Akmalxoʻja Zaynidinov oʻz maʼruzasida davlat tilining huquqiy asoslari va ularning Davlat farmakopeyasini ishlab chiqishdagi ahamiyatini tahlil qildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida belgilangan davlat tiliga oid konstitutsiyaviy norma, «Davlat tili haqida»gi Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan oʻzbek tilini ilmiy-texnik atamalar hisobiga boyitish talabi hamda 21-moddasida belgilangan mahsulotlarni davlat tilidagi yorliqlar va yoʻriqnomalar bilan taʼminlash qoidalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 20 oktyabrdagi PQ-308-son «Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorida belgilangan davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, lugʻat boyligini muntazam kengaytirish va zamonaviy axborot texnologiyalariga integratsiyalashuvini taʼminlash vazifalari koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 7 avgustdagi 437-son qarorida davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish va davlat tilida ish yuritish uchun rahbarlarning masʼuliyati hamda shaxsiy javobgarligi belgilangani taʼkidlandi.

Farmatsevtika sohasida davlat tiliga oid talablarni amalga oshirish masalalariga alohida toʻxtalildi. Xususan:

  • Sogʻliqni saqlash vazirining 203-son buyrugʻiga muvofiq, 2023 yil 1 sentyabrdan vazirlik tizimida hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yuritish talabi qayd etildi.
  • Sogʻliqni saqlash vazirining 2025 yil 12 dekabrdagi 14-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligida 2025 yil 30 dekabrda 3738-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan Nizom talablari tahlil qilindi. Mazkur Nizomga muvofiq, umumiy farmakopeya maqolalari va farmakopeya maqolalari davlat tilida ishlab chiqiladi. Davlat tilida teng maʼnoli soʻz yoki tushuncha mavjud boʻlgan taqdirda xorijiy til atamalarini qoʻllashga, shuningdek, ogʻzaki nutq shakllari hamda eskirgan yoki koʻp maʼnoli soʻz va iboralardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Davlat farmakopeyasi dori vositalari va tibbiy jihozlarga qoʻyiladigan talablar hamda ularning sifatini nazorat qilish usullarini qamrab olgan rasmiy nashrdir. Undagi farmakopeya maqolalari muayyan dori vositasi yoki boshqa tegishli obyektning sifat koʻrsatkichlari va ularni nazorat qilish talablarini belgilaydi. Shu bois terminologik aniqlik, ilmiy asoslanganlik va matnning bir xil talqin qilinishi farmakopeya hujjatlarining muhim sifat mezonlari hisoblanadi.

Atamalarning notoʻgʻri qoʻllanilishi yoki turlicha talqin qilinishi tahlil usullarini notoʻgʻri tushunishga, olingan natijalarning qiyoslanuvchanligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi va pirovardida bemorlar xavfsizligi bilan bogʻliq xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu munosabat bilan farmakopeya terminologiyasini shakllantirishda «bir tushuncha — bir atama» tamoyiliga, ilmiy asoslangan atamalardan foydalanishga amal qilish zarurligi taʼkidlandi.

Tadbirda boʻlim xodimining soʻzga chiqishi

Tadbir davomida boʻlim xodimlari Toshpoʻlatova Maktuba va Irmuhammedova Ziyodalar ham soʻzga chiqib, davlat tiliga oid talablarni boʻlim faoliyatiga tatbiq etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdilar. Jumladan, ish yuritishda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidan foydalanish, farmakopeya atamalarini unifikatsiya qilish, tarjima va ilmiy tahrir jarayonlarida yagona terminologik yondashuvni taʼminlash masalalari yoritildi.

Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish boʻlimi faoliyatining asosiy natijalari sifatida quyidagilar qayd etildi:

  • Davlat farmakopeyasining birinchi nashri oʻzbek va rus tillarida chop etilgan. Ikkinchi nashrning I jildi oʻzbek tilining lotin yozuviga asoslangan alifbosida tayyorlangan.
  • 200 dan ortiq farmakopeya atamasini qamrab olgan izohli lugʻat shakllantirilgan.
  • Yevropa va AQSh farmakopeyalarining minglab sahifalari oʻrganilib, xalqaro farmakopeya talablari bilan uygʻunlashtirish ishlari amalga oshirilgan va tegishli matnlar oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
  • «Bakterial endotoksinlar», «Standart namunalar» kabi ixtisoslashgan farmakopeya atamalarining oʻzbek tilidagi muqobillari ishlab chiqilgan.

Tadbir yakunida boʻlim faoliyatida davlat tiliga oid qonunchilik talablariga izchil rioya etish, farmakopeya maqolalaridagi terminologiyani yanada takomillashtirish va yagona qoʻllanishini taʼminlash, izohli atamalar lugʻatini kengaytirish, shuningdek, hujjatlarni tayyorlash, tarjima qilish va tahrirlash jarayonlarida oʻzbek adabiy tilining imlo, uslub va terminologik meʼyorlariga amal qilish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Davlat farmakopeyasini milliy tilda takomillashtirish nafaqat farmatsevtika sohasidagi meʼyoriy hujjatlar sifatini oshirishga, balki oʻzbek tilining ilmiy-texnik salohiyatini rivojlantirish va uning xalqaro miqyosdagi nufuzini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Barcha hamkasblarimizni Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy muborakbod etamiz! Davlat tilimiz ilm-fan, taʼlim va professional faoliyatning barcha sohalarida yanada ravnaq topsin!

‹ Yangiliklarga