Sayt test rejimida ishlamoqda

2025-yilda Davlat farmakopeyasi tuzilmalari 50 dan ortiq yigʻilish oʻtkazdi

2025-yilda Davlat farmakopeyasining tahririyat va ekspert tuzilmalari 50 dan ortiq yigʻilish oʻtkazib, 200 ga yaqin masala va 450 ga yaqin maqola loyihasini koʻrib chiqdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining ikkinchi nashrini tayyorlash 2025-yil davomida farmakopeyaning kollegial va ekspert tuzilmalari tomonidan jadal olib borildi. Yil mobaynida Davlat farmakopeyasi Tahririyat Hayʼati, Tahririyat Kengashi, Davlat farmakopeyasi Kotibiyati hamda 11 ta yoʻnalishdagi Ixtisoslashgan ekspert komissiyalari va ularning Ishchi guruhlari tomonidan jami 50 dan ortiq yigʻilishlar oʻtkazdi.

Yigʻilishlarda farmakopeya rivojiga oid 200 ga yaqin turli masalalar muhokama qilindi hamda 450 ga yaqin farmakopeya maqolasi loyihasi koʻrib chiqildi. Ular orasidan 10 ga yaqin loyiha qayta ishlashga yuborildi, ekspertlar tomonidan maʼqullangan maqolalar esa Davlat farmakopeyasiga kiritish uchun tavsiya etildi.

Oʻtkazilgan yigʻilishlar yuzasidan jami 40 ta yigʻilish bayonnomasi rasmiylashtirildi. Bu farmakopeya maqolalarini koʻrib chiqish va tasdiqlash jarayoni hujjatlashtirilgan, izchil va shaffof tartibda amalga oshirilganidan dalolat beradi.

Tuzilmalarning barqaror faoliyatini taʼminlash maqsadida ularning tarkiblari Markaz direktorining buyrugʻi bilan yangilandi. 2025-yil 20-fevralda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi direktorining 64-son buyrugʻi imzolanib, unga binoan buyruqning 4-bandi 3-, 5- va 7-ilovalariga tegishliligi boʻyicha oʻzgartirishlar kiritildi hamda Davlat farmakopeyasi Tahririyat Hayʼati, Tahririyat Kengashi va Kotibiyatining yangilangan tarkiblari qabul qilindi. Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirining 212-son buyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida Markaz direktorining 364-son buyrugʻiga binoan Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va nashrga (qayta nashrga) tayyorlash ishlariga jalb etilgan 11 yoʻnalishdagi ixtisoslashgan ekspert komissiyalari hamda ularning ishchi guruhlari tarkiblari qayta shakllantirilib, tasdiqlandi. Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va nashrga (qayta nashrga) tayyorlash ishlariga jalb etilgan mutaxassislar bilan fuqaroviy-huquqiy tusdagi shartnomalar ham tuzildi.

Kollegial tuzilmalar va ekspert komissiyalarining muntazam faoliyati Davlat farmakopeyasining ikkinchi nashrini ilmiy asoslangan va bir maromdagi tartibda, xalqaro yetakchi farmakopeyalar bilan uygʻunlashtirilgan holda tayyorlashning asosiy mexanizmi boʻlib xizmat qilmoqda.

‹ Yangiliklarga