Eʼlon qilingan: 25.12.2025 · Mahalliy

2025-yilda Davlat farmakopeyasi tuzilmalari 50 dan ortiq yigʻilish oʻtkazdi

2025-yilda Davlat farmakopeyasining tahririyat va ekspert tuzilmalari 50 dan ortiq yigʻilish oʻtkazib, 200 ga yaqin masala va 450 ga yaqin maqola loyihasini koʻrib chiqdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining ikkinchi nashrini tayyorlash 2025-yil davomida farmakopeyaning kollegial va ekspert tuzilmalari tomonidan jadal olib borildi. Yil mobaynida Davlat farmakopeyasi Tahririyat Hayʼati, Tahririyat Kengashi, Davlat farmakopeyasi Kotibiyati hamda 11 yoʻnalishdagi ixtisoslashgan ekspert komissiyalari va ularning ishchi guruhlari jami 50 dan ortiq yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilishlarda farmakopeya rivojiga oid 200 ga yaqin turli masala muhokama qilindi hamda 450 ga yaqin farmakopeya maqolasi loyihasi koʻrib chiqildi. Ular orasidan 10 ga yaqin loyiha qayta ishlashga yuborildi, ekspertlar tomonidan maʼqullangan maqolalar esa Davlat farmakopeyasiga kiritish uchun tavsiya etildi.

Oʻtkazilgan yigʻilishlar yuzasidan jami 40 ta yigʻilish bayonnomasi rasmiylashtirildi. Bu farmakopeya maqolalarini koʻrib chiqish va tasdiqlash jarayoni hujjatlashtirilgan, izchil va shaffof tartibda amalga oshirilganidan dalolat beradi.

Tuzilmalarning barqaror faoliyatini taʼminlash maqsadida ularning tarkiblari Markaz direktorining buyrugʻi bilan yangilandi. 2025-yil 20-fevralda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi direktorining 64-son buyrugʻi imzolanib, unga muvofiq Davlat farmakopeyasi Tahririyat Hayʼati, Tahririyat Kengashi va Kotibiyatining yangilangan tarkiblari qabul qilindi. Shuningdek, Markaz direktorining 364-son buyrugʻiga binoan farmakopeyani nashr va qayta nashrga tayyorlash ishlariga jalb etilgan 11 yoʻnalishdagi ixtisoslashgan ekspert komissiyalari hamda ularning ishchi guruhlari tarkiblari qayta shakllantirilib, tasdiqlandi.

Kollegial tuzilmalar va ekspert komissiyalarining muntazam faoliyati Davlat farmakopeyasining ikkinchi nashrini ilmiy asoslangan va bir maromdagi tartibda, xalqaro yetakchi farmakopeyalar bilan uygʻunlashtirilgan holda tayyorlashning asosiy mexanizmi boʻlib xizmat qilmoqda.

‹ Yangiliklarga