Sayt test rejimida ishlamoqda

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT FARMAKOPEYASINI ISHLAB CHIQISH TIZIMI

Sogʻliqni saqlash vazirining 2019 yil 3 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini shakllantirish boʻyicha ishchi va ekspertlar guruhini tashkil etish toʻgʻrisida” gi 115-son buyrugʻi imzolanib, unga binoan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan 2019 yilning 17 iyulidan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va nashrga (qayta nashr) tayyorlash ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi 24-son buyrugʻi tasdiqlanib, Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish tizimi yaratildi.

1-rasm⬇ PNG yuklab olish


20260917_7da93207.png⬇ PNG юклаб олиш


Davlat Farmakopeyasini ishlab chiqish tizimi oʻz ichiga Tahririyat Hayʼati, Tahririyat Kengashi, Davlat farmakopeyasi Kotibiyati, 11 ta Ixtisoslashgan ekspert komissiyalari va ularning ishchi guruhlarini qamrab olgan. Umuman olganda, tizimning tegishli boʻgʻimlariga jami 200 ga yaqin farmatsevtika va unga aloqador sohalarda faoliyat yuritayotgan atoqli olimlar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Tahririyat Hayʼati. Davlat farmakopeyasini nashr etish/qayta nashr etish tizimining oliy organi hisoblanadi. U Davlat farmakopeyasi, uning ilovalari, shuningdek, alohida farmakopeya monografiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlash uchun koʻrib chiqadi va tasdiqlashga tavsiya etadi. Tahririyat Hayʼati Davlat farmakopeyasining ishlab chiqilishi va takomillashtirilishiga oid istiqbolli yoʻnalishlarni belgilaydi, shuningdek, uning alohida boʻlimlarini ishlab chiqish va takomillashtirish boʻyicha rejalarni tasdiqlaydi. Tahririyat Hayʼati yuqori malakali, koʻp yillik tajribaga olimlar hamda sohaning yuqori malakali mutaxassislaridan iborat.



20260917_98c5c56a.png⬇ PNG юклаб олиш


Tahririyat Kengashi. Davlat farmakopeyasini nashr etish/qayta nashr etish uchun tayyorlash tizimining oliy ijro organi hisoblanadi, u Ixtisoslashtirilgan ekspert komissiyalari, ularning ishchi guruhlari va alohida mutaxassislar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Tahririyat Kengashi Davlat farmakopeyasi va uning boʻlimlarini tayyorlash boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni belgilaydi va ish rejasini ishlab chiqadi. Tahrir Kengashi farmakopeya monografiyalari va boshqa standartlashtirishga oid hujjatlar loyihalarini davriy ravishda oʻrganib, muhokama qiladi va ularni Tahririyat Hayʼatiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.



20260917_619861ad.png⬇ PNG юклаб олиш


Kotibiyat. Tahririyat Kengashining ijro etuvchi boʻgʻini boʻlib, topshiriqlarni Ixtisoslashtirilgan ekspert komissiyalari va ularning ishchi guruhlari oʻrtasida taqsimlaydi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi. Kotibiyat aʼzolari oʻzlariga ajratilgan farmakopeya monografiyalari boʻyicha ilmiy, texnik va tahririy tuzatishlar kiritish bilan shugʻullanadilar. Kotibiyat aʼzolari, shuningdek, monografiyalarni ishlab chiqish, uygʻunlashtirish va ilmiy tahrir qilish masalalarida soha mutaxassislari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradilar. Shuningdek, Davlat farmakopeyasiga oʻzgartirish va/yoki qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar berishadi.



20260917_912d7e10.png⬇ PNG юклаб олиш


Ixtisoslashtirilgan ekspert komissiyalari. Davlat farmakopeyasini nashr etish/qayta nashr etish tizimining maxsus ixtisoslik boʻyicha ishchi organ hisoblanadi, u oʻz ichiga yuqori malakali, tor doiradagi mutaxassisliklarni qamrab olgan. Ixtisoslashtirilgan ekspert komissiyalari oʻz faoliyatini Tahrir Kengashi topshiriqlari asosida olib boradi. Ixtisoslashtirilgan ekspert komissiyalari faoliyatiga Kotibiyatga biriktirilgan aʼzolar tomonidan muvofiqlashtiriladi. Ixtisoslashtirilgan ekspert komissiyalari Davlat farmakopeyasiga kiritilgan matnlarni yetakchi farmakopeyalar monografiyalari bilan uygʻunlashtirish, shuningdek, ularni tarjima qilish, ilmiy tahrirlash, tegishli oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritishni amalga oshiradilar.

Farmakopeya maqolalarining ilmiy jihatdan puxtaligini taʼminlash uchun tizimda oʻn bitta ixtisoslashgan ekspert komissiyasi faoliyat yuritadi. Ularning har biri muayyan ilmiy-uslubiy yoʻnalishga masʼuldir:

  • Fizik tadqiqot usullari va analitik jihozlar;
  • Fizik-kimyoviy tadqiqot usullari;
  • Dori vositalari haqiqiyligi va miqdoriy aniqlash;
  • Biologik faollikni aniqlash usullari;
  • Biologik preparatlar va mikrobiologik tadqiqotlar;
  • Reaktivlar va analitik eritmalar;
  • Tibbiy buyumlar va oʻrash materiallari;
  • Farmatsevtik tadqiqotlar;
  • Farmatsevtik-texnologik tadqiqotlar;
  • Farmakognostik tadqiqotlar;
  • Statistik tahlil va matematik ishlov usullari.

 

Ishchi guruh. Farmakopeya maqolalarini tuzish, muvofiqlashtirish va takomillashtirish boʻyicha yetarli tajribaga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislardan iborat. Ishchi guruh faoliyati Ixtisoslashtirilgan ekspert komissiyalari raisi va ilmiy kotibi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Ishchi guruh aʼzolari tomonidan bajarilgan ishlar Ixtisoslashtirilgan ekspert komissiyalari majlislarida muhokama qilinadi va Tahririyat Kengashiga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.

Farmakopeyani ishlab chiqishda tamal toshini qoʻygan, farmatsevtika sohasining yorqin namoyandasi, Davlat farmakopeyasi bosh muharriri, farmatsevtika fanlari doktori, professor X.K. Djalilov Tahririyat Kengashining dastlabki yigʻilishlarida sohaning yetuk olimlari, malakali mutaxassislaridan iborat jamoani yagona maqsad sari birlashtirib, ularni ishlarini muvofiqlashtirgan va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini yaratishda jonbozlik koʻrsatdi.

 

‹ Yangiliklarga