Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT FARMAKOPEYASINING ISHLAB CHIQISHDA XALQARO HAMKORLIK

O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi dunyodagi yetakchi farmakopeyalar, xalqaro tashkilotlar va regulyator organlar bilan integratsiyalashuv hamda hamkorlik qilish yo‘nalishida faoliyat olib boradi. Ushbu jarayon xalqaro standartlarga muvofiq dori vositalari sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashga qaratilgan.

1-rasm⬇ PNG yuklab olish


Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi xalqaro farmakopeya organlari bilan hamkorlik qilish orqali milliy standartlarni takomillashtirib, dori vositalari sifatini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Uygʻunlashtirish jarayoni farmatsevtika sohasida ilgʻor xalqaro tajribalarni qoʻllash va Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan dori vositalarining jahon bozorida tan olinishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar va farmakopeya organlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻygan, jumladan:

  • Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (WHO) Xalqaro farmakopeyasi va Jahon farmakopeyalari Xalqaro yigʻilishi (IMWP);
  • Dori vositalari sifati va sogʻliqni saqlash boʻyicha Yevropa direktorati (EDQM);
  • Yevropa farmakopeyasi (Ph.Eur.);
  • Yevropa dori vositalari agentligi (EMA);
  • AQSh Farmakopeya Konvensiyasi (USP);
  • Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeAES) Farmakopeya qoʻmitasi;
  • Inson foydalanadigan farmatsevtika vositalariga qoʻyiladigan texnik talablarni uygʻunlashtirish boʻyicha Xalqaro kengash (ICH);
  • Dori vositalarini tartibga solish boʻyicha xalqaro platforma(IPRP);
  • Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) – Turkiy davlatlar farmakopeyasi va boshqalar.

2-rasm⬇ PNG yuklab olish

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan hamkorlik

Bugungi kunda JSST tomonidan jami 57 ta hududiy va milliy farmakopeyalar eʼtirof etilgan boʻlib, Jahon farmakopeyalari va farmakopeya organlarining indeksi “The Index of World Pharmacopoeias and Pharmacopoeial Authorities by World Health Organization”ga kiritilgan. Shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi va farmakopeya organi ham 2021 yilning dekabr oyidan boshlab mazkur indeksdan munosib oʻrin egallab kelmoqda.


3-rasm⬇ PNG yuklab olish

Sogʻliqni saqlash va dori vositalari sifati boʻyicha Yevropa direktorati (EDQM) bilan hamkorlik

Davlat farmakopeyasini nashrga tayyorlash borasida Yevropa farmakopeya komissiyasining qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Yevropa farmakopeya komissiyasi tarkibiga kuzatuvchi sifatida kiritilgan boʻlib, Yevropa farmakopeya komissiyasining 2019 yil 20 martdagi
163-sessiyasi
qaroriga asosan «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” Davlat muassasasi bilan Yevropa farmakopeya komissiyasi oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini yaratishda Yevropa farmakopeyasi matnlarini uygʻunlashtirish va nusxalashtirish huquqini taqdim qilish toʻgʻrisida”gi kelishuv imzolangandir.


4-rasm⬇ PNG yuklab olish

AQSh Farmakopeyasi bilan hamkorlik

2023-yil 3 may sanasida “Qoʻshma Shtatlar Farmakopeyasi – Milliy formulyarini qabul qilish huquqlarini taqdim etish” toʻgʻrisidagi muhim shartnoma imzolandi. Bu, Oʻzbekiston farmakopeyasini xalqaro standartlarga muvofiq ravishda yangilashga zamin yaratdi. Keyinchalik,
2023-yil 8-sentyabr sanasida ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Anglashuv memorandumi imzolandi.


5-rasm⬇ PNG yuklab olish

Shartnoma va memorandumning tegishli bandlariga koʻra quyidagilar belgilab oʻtilgan:

  • Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va qayta ishlash jarayonida AQSh Farmakopeya Konvensiyasining intellektual mulki boʻlib hisoblangan USP-NF maqolalaridan uygʻunlashtirish, muvofiqlashtirish va nusxalashtirish shakllarida foydalanish boʻyicha huquqlarni taqdim etilishi;
  • Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish davomida davriy ravishda USP-NF ga yangi kiritilgan yoki qayta koʻrib chiqish natijasida kiritiladigan standartlar va maʼlumotlarni bosqichma-bosqich uygʻunlashtirish va muvofiqlashtirish yoʻli bilan foydalanish;
  • Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish davomida alohida farmakopeya maqolalari va monografiyalarini ishlab chiqish davomida ularni USP-NF talablariga muvofiq boʻlishini taʼminlash;
  • Davlat farmakopeyasi maqolalarida faol va yordamchi moddalarga taalluqli boʻlgan, farmakopeya standart namunalaridan foydalanishni koʻzda tutgan holda USP etalon standartlaridan foydalanish talabini ham qoʻllanilishi eʼtiborga olingandir.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda kelishuvga muvofiq quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun ham keng imkoniyatlar yaratiladi:

  • “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi mutaxassislarining malakasini oshirish;
  • USP-NF ning joriy versiyasiga bepul onlayn kirib foydalanishni taʼminlash va standart namunalarni chegirma narxlarda sotib olish;
  • dori vositalarini standartlashtirish va sifatini nazorat qilish sohasida turli xalqaro tadbirlarni tashkil etish va birgalikda ishtirok etish kabilar belgilangandir.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) Farmakopeya qoʻmitasi bilan hamkorlik

Yevroosiyo Oliy Iqtisodiy Kengashining 2020 yil 11-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi davlat maqomi ostida kiritish boʻyicha” 14-son qarori bilan, 2014 yil 29-mayda imzolangan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi toʻgʻrisidagi shartnomaning 109-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasiga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) kuzatuvchi davlat maqomi berildi. Shu munosabat bilan YeOII ga aʼzo davlatlar bilan farmatsevtika sohasida standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalarini ham uygʻunlashtirib borish lozim boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasining YeOII Farmakopeya qoʻmitasi tarkibiga Oʻzbekiston farmakopeya organi vakillarini kuzatuvchi sifatida kiritilishi xam alohida ahamiyat kasb etadi.

Bu oʻz navbatida YeOII farmakopeyasini ishlab chiqish boʻyicha oʻtkazilayotgan sessiyalarda ishtirok etish va tegishli ilmiy tadqiqot natijalari bilan tanishish, ularning muhokamasida ishtirok etish va ulardan foydalanish imkonini berib kelmoqda.

6-rasm⬇ PNG yuklab olish

Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlik

2023-yil 16 avgustda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida muhim hujjat – Turkiy davlatlar farmakopeyasini ishlab chiqish boʻyicha guruhni tashkil etishga qaratilgan hamkorlik deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu deklaratsiya turkiy davlatlar oʻrtasida farmatsevtika sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va yagona standartlarni yaratishga asos boʻlib xizmat qiladi.


7-rasm⬇ PNG yuklab olish

2024 yilning 1 iyul kuni Turkiy davlatlar tashkilotining Turkiy farmakopeyani ishlab chiqish ishchi guruhining 1-majlisi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Oʻzbekiston tomonidan Davlat farmakopeyasi bosh muharriri professor X.K.Djalilov «Oʻzbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishning dolzarb masalalari» mavzusida taqdimot qildi.

‹ Yangiliklarga